Qashqadaryoda “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining garnizonlararo bosqichi boʻlib oʻtdi

0
5175

Respublika maʼnavit va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilarining turmush oʻrtoqlari oʻrtasida “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining garnizonlararo bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda 7 nafar ishtirokchi 4 ta shart boʻyicha turli yoʻnalishlarda oʻzaro bellashuv olib borishdilar.
Koʻrik-tanlovni hakamlar hayʼati aʼzolaridan iborat Oʻzbekiston qahramoni Muhabbat Sharopova, harbiy okrug harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassis Tamara Mamanova, markaz rahbari Lola Saodatova, viloyat tadbirkor ayol uyushmasi raisi Oynisa Achilova hamda Qarshi shahridagi 44-sonli maktab direktori Matluba Ochilovalar xolisona baholab borishdi.

Ishtirokchilar “Tanishtiruv”, “Chevarchilik mahorati”, “ Tezkor savol-javob”, “ Tarixiy ayollar siymosini sahna koʻrinishi orqali namoyish etish” kabi shartlarda oʻz bilim va salohiyatlarini ishga solgan holda gʻoliblik uchun harakat qilishdi.
Qiziqarli baxslarga boy kechgan tanlovda barcha shartlarda yuqori natijalar koʻrsatgan Pachkamar garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchisi KBXH oddiy askar Ulugʻbek Toʻqmirzayevning turmush oʻrtogʻi Shahodat Toʻqmirzayeva muvaffaqiyatga erishib, birinchi oʻrinni egalladi va tanlovning okrug bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Yakunda barcha ishtirokchilarga tashkilotchilarning tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati