Farg‘ona “Temurbeklar maktabi”da tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
490

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirish jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Buyuk sarkarda Аmir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga o‘rnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga “Temurbeklar maktabi” deb nom berildi.

Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa o‘quv muassasalariga aniq fanlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashtirilgan.

Kuni kecha Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» 1-bosqich o‘quvchilarining tantanali vaʼda berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

   

Tadbirda 100 nafardan ortiq 1-bosqich o‘quvchilari tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga, ulug‘ zotlarning vorislari ekanligidan faxrlanib, ularga munosib bo‘lishga, vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga va’da berishdi.

Tadbirda mudofaa vazirining taribiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev, Mudofaa vazirligi hamda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari masʼul ofitserlari, keng jamoatchilik va o‘quvchilarning ota-onalari hamda yaqinlari ishtirok etib, bo‘lajak yurt himoyachilariga omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qoldi.

Tadbirning badiiy qismida Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» o‘quvchilarining qo‘l jangi bo‘yicha mahoratlari namoyishi etildi.

Tadbir so‘ngida viloyat madaniyat markazining taniqli sanʼat ustalari va yosh iste’dod egalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati