Qurolli Kuchlar akademiyasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan anjuman oʻtkazildi

0
1135

Zahiriddin Muhammad Bobur mumtoz adabiyotning yirik vakili, shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi hamda isteʼdodli buyuk sarkarda sifatida butun dunyoga mashhur.

Uning ijtimoiy-siyosiy faoliyati va oʻlmas gʻoyalari xalqimiz qalbidan mustahkam joy egallaganligi hech kimga sir emas.

Xususan, sarkardaning milliy davlatchilikni qurish, jamiyatda inson oʻrnini mustahkamlash, ijtimoiy birdamlikni taʼminlash, komil inson, axloq-odob, taʼlim-tarbiya, qoʻshinni boshqarish, jangchi tarbiyasi bilan shugʻullanish toʻgʻrisidagi ilgʻor fikrlari, shuningdek, oʻz yurishlarida qoʻllagan strategiyasi asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmasdan, milliy oʻzligimizni anglash, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni tarbiyalash hamda harbiylarning jangovar ruhini yanada yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.

Buyuk sarkarda tavalludining 539-yilligi munosabat bilan Qurolli Kuchlar akademiyada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali drama teatri bilan hamkorlikda “Buyuk davlat arbobi va harbiy sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning Oʻrta asr Sharq madaniyati, harbiy sanʼati, adabiyoti va sheʼriyatiga qoʻshgan hissasi” mavzusida onlayin anjuman oʻtkazildi.

Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi, shoir Nodir Xolboʻtayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrining oliy toifali solist-vokalisti, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat targʻibotchilari jamiyati” aʼzosi Turgʻun Beknazarov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Oʻzbek adabiyoti tarixi va matnshunoslik kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov hamda akademiya professor-oʻqituvchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbirga oʻquvchi yoshlar ham taklif etildi va ular uchun Qurolli Kuchlar akademiyasi boʻylab ekskursiya ham tashkil etildi. Ekskursiya davomida yoshlar akademiya faoliyati bilan tanishib, chuqur taasurotlarga ega boʻlishdi.

Podpolkovnik Alimardon OʻTAPULATOV