“Zahiriddin Muhammad Bobur — umumarmiya yoshlari nigohida” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi

0
929

Kecha, 11-fevral kuni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi aloqachilar harbiy qismida Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalarining Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Zahiriddin Muhammad Bobur — umumarmiya yoshlari nigohida” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov O‘zbkiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Yoshlar ishlarigi agentligi hamda Toshkent harbiy okrugi hamkorligida tashkil etildi.  

Ko‘rik-tanlovni tashkil qilishdan asosiy maqsad – yosh harbiy xizmatchilarning  ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yanada oshirish, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, uning asarlari, g‘azallari, ruboyilarini mazmun mohiyatini chuqurroq anglashdan iborat.

Jami 9 ta jamoadan iborat ishtirokchilar 3 ta asosiy shart bo‘yicha sog‘lom raqobatga kirishib, bor mahoratlarini namoyish qilishdi. Jumladan, harbiy xizmatchilar birinchi shartda ijro etish mahorati, voqelik asosida obrazga kira olish va shuning bilan birga tomoshabinlarni o‘ziga jalb etish xususiyatlarini amalga oshirdi. Keyingi soatlarda Boburning hayoti va ijodi bo‘yicha savollarga javob berilgan bo‘lsa, navbatdagi shartga ko‘ra har bir jamoadan bir nafardan ishtirokchi yod olgan g‘azallarini ifodali aytib berdi.

Yakuniy natijalariga ko‘ra, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi Jamoat xavfsizligi universiteti jamoalari ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi aloqachilar harbiy qismi harbiy xizmatchilari uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti