Nukusdagi “Vatanparvarlar bog‘i”da samimiy uchrashuv

0
503

Shu yilgi Xotira va qadrlash kuni bayramida Nukus shahrida yangi ochilgan “Vatanparvarlar bog‘i”da garnizondagi muddatli harbiy xizmatchilar hamda Xo‘jayli tumanidagi 15-son maktab o‘quvchilarining samimiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy kasbga qiziqishini oshirish, yoshlarning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish orqali milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qadimiy tarixi, madaniyati, Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida mardlarcha kurashgan milliy qahramonlar bilan fahrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy armiyamiz qudrati va salohiyatiga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirish, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alaba uchun mardlarcha kurashgan yurtdoshlarimizning nomini abadiylashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi “Motamsaro ona” haykali joylashgan Xotira xiyobonining orqa tomonida barpo etilgan “Vatanparvarlar bog‘i” bugun haqiqiy vatanparvarlik maskaniga aylandi.

Tarix va bugunni bog‘lab turuvchi ushbu maskanga o‘quvchilarning ilk tashrifi taassurotlar bilan kechdi. Harbiy akalari bilan bog‘ bo‘ylab joylashgan jangovar texnikalarga sayohat, “Xotira uyi”dagi eksponat va ma’lumotlar bilan tanishuv yoshlarda shu yurtda o‘tgan ota-bobolar bilan faxr tuyg‘usini yanada yuksaltirish, ularga o‘tmishning jasoratlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lishiga xizmat qildi.

O‘g‘il bola borki, u albatta, harbiy qurol va jangovar texnikalarga qiziqishi tabiiy. Uchrashuvda bog‘ eksponatlaridan o‘rin olgan og‘ir va yengil harbiy texnikalar, jangovar mashina va qiruvchi samolyot bilan yaqindan tanishuv yoshlarning qiziqishini yanada alangalatdi. Texnikalarni obdon ko‘zdan kechirayotgan o‘quvchilar mutaxassis serjantlar va askarlarga ko‘plab savollar bilan murojaat etib, qiziqishlarini bildirishdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar yoshlar qalbidan chuqur joy egallab, ularga xush kayfiyat uladi.