Zangiotada “Armiya – yoshlar nigohida!” shiori ostida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi

0
2971

Bugun, 11-fevral kuni Zangiota tumanida “Armiya – yoshlar nigohida!” mavzusida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Festival Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, aloqachilar harbiy qismi, Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Respublika Harbiy prokuraturasi, Toshkent harbiy prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati hamda tuman kengashlari, Bektemir va Zangiota tumanlari Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, tuman xalq ta’limi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Kun avvalida Zangiota tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 32-sonli umumta’lim makatabida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari, harbiy xizmatchilar va kursantlar, faxriylar hamda muassasa rahbariyati, o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda institut boshlig‘i podpolkovnik Hakim Muhiddinov o‘quvchilar bilan bevosita muloqotga kirishib, harbiylik kasbi, uning mashaqqatlari hamda harbiy bilim yurti faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, mazkur institutda o‘qish istagini bildirgan yoshlarga zarur ma’lumotlarni yetkazdi.

Shu bilan birga uchrashuv davomida milliy armiyamizda mavjud qurol-aslahalar, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, zamonaviy axborot vositalari ko‘rgazmasi ham tashkil qilindi. Maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan boburxonlik kechasi sahna ko‘rinishlari esa mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng festivalning asosiy qismi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hududi bo‘ylab keng qamrovda boshlab yuborildi. Unda 3 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Festival avvalida Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish qilindi. Konsert davomida ijro qilingan bir-biridan ajoyib kuy va qo‘shiqlar, ayniqsa, harbiy orkestrning musiqiy defilesi tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Harbiy xizmatchilar va kursantlar ishtirokida namoyish qilingan qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari ham shular jumlasidan.

Konsertdan so‘ng “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi doirasida festival qatnashchilari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, faxriylar va o‘quvchi yoshlar ishtirokida yurish marafoni o‘tkazildi.

Bundan keyingi voqealar esa shiddatli tus oldi. Jumladan, festivalga yig‘ilganlar guruhlarga bo‘lingan holda zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishdi. Tanishuv jarayonida harbiy aloqa apparatlari va kursantlar tomonidan yaratilgan robotatexnika vositalari yoshlarni qiziqtirib qo‘ydi. Ulardan amaliy foydalanish barobarida, mutaxassislar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.

Joylardan tashrif buyurgan jamoalar ishtirokida tashkil qilingan voleybol va futbol musobaqalari, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan turli xil sport o‘yinlari esa festivalning keng ko‘lamda va yuqori saviyada o‘tishiga xizmat qildi. Do‘stona kechgan musobaqalarda jamoalar bir-birlarini o‘zaro hurmat qilgan holda g‘oliblik uchun murosasiz bahslarga kirishib, tomoshabinlarga chiroyli o‘yin namoyish qilishdi.

Shu bilan yuqori kayfiyatda davom etgan harbiy-vatanparvarlik festivali o‘z nihoyasiga yetgani yo‘q, albatta. Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda aloqachilar harbiy qismi hududi bo‘ylab qiziqarli sayohat, u yerda kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar va askarlarning turmush tarzi bilan tanishuv, boburxonlik kechalari festivalga tashrif buyurgan mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirganiga shubha yo‘q.

Leytenant Muhammadjon Xo‘jayev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti