Toyloqda yoshlar ishtirokida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi

0
2696

Yoshlar bilan ishlash tizimini targʻib etishga qaratilgan yana bir festival Toyloq tumanida oʻtkazildi.

Ushbu festivalda ham mahalladagi yoshlar yetakchisining tashabbuskorligi, davlat va jamoat tashkilotlari bilan aloqalarni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishi, yoshlar bilan ishlash tizimini vatanparvarlik ruhida tashkil etishi ertamiz egalarida kuchli gʻurur va iftixor hissini uygʻotish bilan birga, kelajakda oʻz oʻrnini topishga, yurt tinchligi va uning ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshishga boʻlgan ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qilishi eʼtirof etildi.

Tashabbuskorlari Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, tuman hokimligi va sektor rahbarlari boʻlgan ushbu keng masshtabli tadbirga viloyat Mudofaa ishlari, Xalq taʼlimi, Madaniyat hamda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti ham bosh qoʻshdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur obrazlarining sahna koʻrinishi, Kattaqoʻrgʻon garnizoni harbiy orkestrining badiiy-musiqiy chiqishlarida shonli oʻtmishimiz bugunga bogʻlandi.

Yurt posbonlarining qoʻl jangi usullari boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, jangovar texnika va qurol-aslahalar, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlarining namoyishi oʻquvchi yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuygʻulari ila boshlangan festival davomida mahalladagi yoshlar oʻrtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan oʻq otish hamda turli milliy oʻyinlar oʻtkazildi.

Shuningdek, besh muhim tashabbus asosida “Zakovat” bellashuvi, “Yosh kitobxon” musobaqasi, rassomchilik koʻrik-tanlovi, maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy orkestr va iqtidorli sanʼatsevar yoshlar ishtirokida konsert dasturlari tashkil etildi.

Festival chin maʼnoda uzoq manzildagi mahalla yoshlarida ertangi kunga boʻlgan ishonchni oshirib, oʻzidagi isteʼdodi va iqtidorini namoyon etish imkonini berdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati