Yoshlarda yuksak tuygʻularni shakllantirgan festival

0
1313

Mudofaa vazirligiga qarashli Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Payariq tuman xalq taʼlimi boʻlimi bilan hamkorlikda “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” mavzusida mazkur tumanning “Zarafshon” mahallasidagi 5-sonli hamda 89-sonli umumtaʼlim maktabi yoshlarining ijtimoiy faolligini oshirish, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashishga qaratilgan keng qamrovli harbiy vatanparvarlik festivali tashkil etildi.
Oʻquvchi-yoshlar bilan ishlash tizimini targʻib qilishga qaratilgan festivalning avvalida harbiy qism masʼul ofitserlari tomonidan yoshlarda qatʼiy hayotiy pozitsiyani hamda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, tinchlik va havfsizlikni taʼminlash, yot gʻoyalar, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish maqsadida tushuntirish ishlari olib borildi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan taqdim etilgan qoʻl jangi chiqishlari va zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi oʻquvchi yoshlarning olqishiga sazovor boʻldi.
Yuqori kayfiyat bilan boshlangan harbiy vatanparvarlik festivali davomida oʻquvchi-yoshlarda jasurlik va mardlik, faxr va iftixor tuygʻularini oshirishga yoʻnaltirilgan “Mardlik va jasorat” mavzusida suhbatlar tashkil etildi.
Umuman olganda, keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik festivali yoshlarning ertangi kunga boʻlgan ishonchini, oʻzlaridagi isteʼdod va iqtidorini namoyon etish va eng muhimi, yurt ravnaqi uchun daxldorlik hislarini dillarida tuyishiga koʻmak boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti