Harbiy-vatanparvarlik festivallari zamirida ezgu gʻoyalar mujassam

0
2775

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabida respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik targʻibotiga qaratilgan festival koʻtarinki ruhda tashkil etildi.
Taxiatosh tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashlari, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻmondonligiga qarashli harbiy qism, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida boʻlib oʻtgan harbiy-vatanparvarlik festivalida tumandagi “Obod makon” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilayotgan ikki yuzdan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92 sonli qaroriga muvofiq mahallalarda yoshlar yetakchilari lavozimlari joriy etilgan boʻlib, tumandagi 13 ta mahallada faoliyat boshlagan yosh mutaxassislar uchun festival namunaviy tadbirlar qatoridan oʻrin oldi. Jumladan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan festival doirasida turli sport musobaqalari, “Jasorat va mardlik” darslari tashkil qilinib, yoshlar yetakchilari mahalla yoshlari bilan qizgʻin shukuhda tizimli ishlarni amalga oshirishni oʻz oldilariga maqsad qilib olishdi.

Maktab hovlisida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr jamoasining milliy va xorijiy taronalarga boy repertuari oʻquvchi yoshlar qalbiga zavqu-shavq ulashib, raqsga chorlagan boʻlsa, harbiylarning jangovar va faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.
Diydor gʻanimat. Fursat esa boy daqiqalarni tuhfa etishga ulgurdi. “Obod makon” yoshlari unutilmas xotiralarga boy oʻtgan ajoyib kunni telefon apparatlariga muhrlab qoʻyishdi.
Yurtimizda harbiy-vatanparvarlik gʻoyalariga sugʻorilgan bu kabi festival va turli tadbirlar zamirida ona vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarni tarbiyalash, milliy ruhni yuksaltirishga qaratilgan ezgu gʻoyalar mujassamlangandir.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati