Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari boʻyicha idoralararo hamkorlik kuchaytiriladi

0
2829

Bugungi kunda dolzarb masalalardan bir – bu albatta yoshlar tarbiyasi. Ularni qalbida vatanga boʻlgan sadoqat tuygʻularini shakllantirish va har jihatdan barkamol etib tarbiyalash ustivor vazifalardan sanaladi. Shu bois joylarda yoshlar masalalariga bagʻishlangan tadbirlar, yigʻilish hamda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimligida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug bilan hamkorlikda harbiy kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda ikki viloyatning barcha kuch tuzilmalari, tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi. Unda soʻz olganlar tomonidan Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari ijrosini taʼminlash, belgilab berilgan aniq vazifa va topshiriqlarni bajarishda barcha birdek ish olib borishi, yoshlar tarbiyasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangicha, sifatli tashkil etish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Kun tartibiga asosan jahonda va mintaqada yuzaga kelgan harbiy-siyosiy vaziyat, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Tadbir davomida masʼullarga yoshlar muammolarini hal etish, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish tadbirlari bevosita mahallalarda, taʼlim maskanlarida olib borilishi lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek, yigʻilishda masʼul tashkilotlar oʻzaro hamkorlikni kuchaytirgan holda yoshlar orasidagi yot gʻoyalarga moyil boʻlganlarini aniqlashi va huquqbuzarlik holatlari boʻyicha mahallalarda tizimli ishlar olib borishi, ular orasida diniy-maʼrifiy muhitni yaxshilash, siyosiy va mafkuraviy immunitetni shakllantirish hamda vatanparvarlik ruhini oʻstirish kabi masalalar boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati