Markaz kursantlarining Nukus tumani yoshlariga kutilmagan tashrifi

0
410

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi kursantlaridan iborat ijodiy jamoa Nukus tumanidagi 17-son umumta’lim maktabi yoshlari uchun kutilmagan ko‘rgazmali namoyishlarni taqdim etdi.

Harbiy libosda kelgan yigitlar maktab o‘quvchilarining diqqatini tortib, ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Uyalib turgan yoshlar bir ozdan keyin kursantlarni suhbatga chorladi. Bu orada esa maktab hovlisida asosiy tadbirni o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari avjida edi.

Tadbirda ishtirok etgan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy bo‘limi vakillari, Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi rahbariyati hamda maktab ma’muriyati bugun yoshlarimiz oldida juda katta imkoniyatlar eshigi ochilganini, buning evaziga ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotganimizni e’tirof etishdi. Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar milliy armiyamiz kuch-qudratini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tishdi.

    

Uchrashuv davomida kursantlar tomonidan xoreografik elementlar uyg‘unligida namoyish etilgan milliy raqslar, vatanparvarlikni tarannum etib kuylangan qo‘shiqlar yoshlar qalbidan chuqur joy olib, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini jo‘shqinlantirdi. Qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlarni kuzatgan o‘quvchilar katta taassurotlarga ega bo‘ldi.

Shimoli-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati