Yetti goʻzal bellashuvi

0
1192

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Men namunali harbiy oila bekasiman!” shiori ostida “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovining okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizda jamiyatning ajralmas qismi sanaladigan zamonaviy oilani rivojlantirish, oila institutini yanada mustahkamlash, umuminsoniy va milliy anʼanalarimiz va urf-odatlarimizga chuqur hurmat va ehtiromni yuksaltirish hamda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarining madaniy hordiq chiqarishlari, ularning maʼnaviy dunyoqarashlarini kengaytirish, intellektual salohiyatlarini yanada yuksaltirish maqsadida tashkil etilayotgan “Balli, ayollar” koʻrik-tanlovida jami yetti nafar ishtirokchi sahnada oʻzlarining mahoratlarini namoyon etishdi.

Koʻrik-tanlov Nizomida belgilangan shartlarga koʻra, oila bekalarining toʻrt xil yoʻnalishda chaqqonligi, epchil va uddaburonligi, sahnada oʻzini tuta bilishi, bilimi va tafakkuri, kitobga boʻlgan qiziqishlari inobatga olinib, hayʼat aʼzolari tomonidan baholanib borildi. Har bir ishtirokchi tanlov shartlariga tayyorgarlik koʻrish asnosida oʻz viloyatining milliy urf-odatlari, madaniyati va sanʼati, libosi va taqinchoqlaridan foydalanganligi hayʼat aʼzolari tomonidan alohida eʼtirof etib oʻtildi.

“Toʻmaris izdoshlari” sharti esa tomoshabinlarga juda manzur boʻldi. Toʻmaris obrazida gavdalangan ishtirokchining ovozidan sahna larzaga kelgan boʻlsa, sadoqat va vafo kuychisi Zulfiya Isroilova sheʼrlaridan namuna oʻqigan yana bir ishtirokchi shoiraning ogʻir qaygʻusini barchaga yetkazib bera oldi. Tamaraxonim ijodidan “Tanovar” raqsini maromiga yetkazib ijro etgan andijonlik beka Dilrabo Vahobjonovaning chiqishidan esa tomoshabinlar chinakam huzur qilishdi.

Tanlov qoidasiga koʻra, yakuniy bosqichga yoʻllanmani albatta kimdir qoʻlga kiritishi lozim edi. Lekin kuchli yettilikning barchasi shohsupaning birinchi oʻriniga munosib deb topilgandi. Uzoq vaqtlik bahsu-munozara soʻngida samimiy soʻzlari, begʻubor raqsi, koreys tilidagi shirin zaboni bilan eng yosh oilalardan biri boʻlishiga qaramasdan, kichik serjant Zuhriddin Karimovning turmush oʻrtogʻi Mohlaroyim Karimova faxrli 1-oʻringa sazovor boʻldi hamda Mudofaa vazirligi miqyosida boʻlib oʻtadigan yakuniy bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblar va ishtirokchilar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligining esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati