Harbiy xizmatchilar Bobur xotirasini yod etdi

0
539

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi adiblar xiyobonida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539-yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda harbiy xizmatchilar ishtirokida shoh va shoir haykali poyiga gul qoʻyildi. Bobur haykali yonida xalqimizning sevimli shoiri Bobur Bobomurod yigʻilganlarga xiyobonning tashkil etilish tarixi, unda qad rostlagan 24 nafar haykal siymosida gavdalangan yozuvchi va shoirlar haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning ijodi va faoliyatiga atroflicha toʻxtaldi.

Adabiy kechaga bagʻishlangan tadbir adiblar xiyoboni yonida joylashgan Toshkent shahar muzeyida davom etdi. Unda qoʻmondonlikning tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Davron Usmonov yigʻilganlarga Boburning sarkarda sifatida amalga oshirgan harbiy strategiyalari haqida soʻzlab berdi. Oʻsha paytlarda tarqoq boʻlgan mamlakatni birlashtirgan va yaxlit imperiyaga asos solgan. Qisqa umri davomida juda koʻplab ishlarni amalga oshirgan. Eng asosiysi, Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan hamda 300-yildan ortiq oʻsha yurt madaniyatining yuksalishida hissa qoʻshgan. Javohirlal Neruning “Bobur – dilbar shaxs” degan taʼrifi ham bobomizning naqadar yetuk, oʻzga yurt madaniyati, tili, dini va urf odatlarini hurmat qilganligidan dalolat.

Boburning bolalik yillari juda ogʻir judolik va yoʻqotishlar bilan kechdi. Ammo bunday musibatlar uning metin irodasini yenga olmadi. Aksincha, boshiga kelgan sinovlarda toblandi hamda yashashda va intilishda davom etdi. Uni faqatgina yurt sogʻinchi juda koʻp qiynadi. Ona tuprogʻi dardida yonar ekan, uning yoʻliga koʻz tikib koʻplab gʻazallar bitdi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti