Mehnat yarmarkasi, sayyor qabul va bolajonlar o‘rtasida sport musobaqalari

0
575

Poytaxtimizning Yashnobod tumani, “Olmos” mahallasida joylashgan harbiy shaharchada Toshkent harbiy okrugi va harbiy prokuratura hamkorligida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkasi, sayyor qabul hamda bolalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.

Yuzlab harbiy oilalarni o‘zida jamlagan tadbir taassurotlarga boy va ezgu ishlarga zamin bo‘ldi, desak arziydi. Ushbu tadbir ayniqsa, bolajonlar uchun qiziqarli va hayajonli kechdi.

Mehnat yarmarkasida ishtirok etgan Toshkent shahridagi o‘ndan ziyod tashkilot vakillari bo‘sh ish o‘rinlarini harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga tavsiya qilishdi va shartnomalar imzolandi. Besh yuzdan ziyod bo‘sh ish o‘rniga ega birgina Texnopark kompaniyasi yigirma bir yo‘nalishdagi mutaxassislik bo‘yicha ishga taklif qildi. Shuningdek, ta’lim va tibbiyot sohasida ham turli vazifalarga tavsiyalar berildi.

Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul harbiy xizmatchilar oila a’zolari oldida turgan ba’zi huquqiy muammolarni hal etishga yordam berdi. Sayyor qabulda Toshkent harbiy prokurori adliya polkovnigi Otabek Xolboyev, prokuror katta yordamchilari adliya podpolkovnigi Dilshod Boyqo‘ziyev va adliya katta leytenanti Nurmuhammad Noraliyev huquqiy ko‘mak istaganlarga maslahat va tavsiyalari bilan ishtirok etdi.

Bolalar uchun tashkil etilgan Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni va Toshkent harbiy prokurori kubogi uchun o‘tkazilgan sport musobaqalarida kichkintoylar beshta shart: yugurish, shaxmat, shashka, strelling (qo‘l kuchini sinash) hamda darts (yoy o‘rtasiga patli o‘qchani sanchish) bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

 

Sport bellashuvi so‘ngida yigirmaga yaqin g‘olib bolajonlar faxriy yorliq va turli sovg‘alar bilan mukofotlandi. Musobaqa kubogiga egalik qilish harbiy shaharchadagi 4-uyning sportchi bolalariga nasib etdi.

Zulfiya YuNUSOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti