Yosh kursantlar uchun qurol-aslahalar va jangovar texnikalar ko‘rgazmasi

0
440

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi. Har yili ushbu bilim dargohini yuzlab yosh ofitserlar bitirib, ularning o‘rnini akademiyaga yangi qabul qilingan yoshlar to‘ldirib boraveradi. Qisqa qilib aytganda, milliy armiyamizga tajribali kadrlarni yetkazib berishda Qurolli Kuchlar akademiyasi muhim mexanizm vazifasini bajarib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim maskanlarining kursanti bo‘lish ko‘plab yigitlarimizning ezgu orzusi sanaladi. Endilikda bu iborani har bir yoshning orzusi deya bemalol ayta olamiz.

Jumladan, yangi tashkil etilgan Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasiga 2021-2022 o‘quv yilida o‘nlab yigit-qizlar qabul qilindi. Aynan shu yigit-qizlar Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘qish baxtiga muyassar bo‘lgan tengdoshlari bilan “Chirchiq” dala o‘quv maydonida harbiylikning dastlabki sir-asrorlaridan xabardor bo‘lishdi.

Dala o‘quv maydonida yosh kursantlar uchun qurol-aslahalar, jangovar texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi va ushbu tadbirda DXX Chegara qo‘shinlari, IIV Qorovul qo‘shinlari va Mudofaa vazirligi harbiy qismlariga qarashli harbiy bo‘linmalar mutaxassislari ishtirok etdi.

  

Jangovar qurol-aslahalar 20 ta o‘quv nuqtasida namoyish etilib, mutaxassislar tomonidan kursantlarning o‘qish jarayonlari davrida muhim bo‘lgan qimmatli ma’lumotlar yetkazildi. O‘quv nuqtalarida olib borilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni yosh kursantlar diqqat bilan kuzatib borishdi. Ayniqsa, chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi «Oskar» laqabli xizmat bilan ko‘rsatgan mashqlar bo‘lg‘usi chegarachilar uchun dastlabki saboq namunalari bo‘lgani shubhasiz.

Kursantlar uchun tashkillashtirilgan jangovar qurol-aslahalar, texnikalar namoyishining kulminatsion jarayonlari otish nuqtalarida amalga oshirildi. Bu yerda akademiyaning 4-bosqich kursantlari BMD, BTR-72, BTR-80 jangovar mashinalari va AGS, granatamyot, merganlik miltiqlari, Kalashnikov avtomatlari yordamida turli nishonlarni yo‘q qilish borasida master-klass mashg‘ulotlarini ko‘rsatib berishdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Qurolli Kuchlar akademiyasi Toshkent shahrining bir nechta mahallalari yoshlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida ham bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Aynan ushbu tadbirda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumani yoshlari ham ishtirok etishdi. Dala o‘quv maydonida qurol-aslahalar, jangovar texnikalar namoyishidan ular ham olam-olam taassurotlar bilan qaytishdi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti