Samarqand garnizonida yoshlar bilan ikki kunlik yig‘in o‘tkazildi

0
1115

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi yoshlar bilan ishlash tizimini amaliyotga tadbiq qilish borasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda bir qator tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda.  

Jumladan, Samarqand garnizoniga qarashli harbiy qismda “Er yigitni er yigitga aytgan gapi ta’sirli bo‘ladi” shiori ostida o‘tkazilgan “Harbiy qismdan olgan ta’surotlarim!” mavzusidagi 2 kunlik yig‘in ham ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi. Unda Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlar qamrab olindi.

Yig‘in yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma’nan yetuk yoshlar zarurligi, harbiy xizmat har bir O‘zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari kun davomida harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti, harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning jangovar va taktik mashg‘ulotlarini kuzatib, yoshlarning o‘zlari ham ularda ishtirok etib ko‘rdi. Ertamiz egalari mazkur sinov mashg‘ulotlarida aqliy va jismoniy salohiyat kasb etadigan harbiylik kasbining naqadar sharafli ekanligini his qilib ko‘rgan bo‘lsa ajabmas.

Bundan tashqari, er yigitlar harbiy qismda tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faoliyati, yoshlar va harbiylarning hamkorlikda amalga oshirib borayotgan faoliyati bilan tanishdi.

Yakunda yig‘in ishtirokchilari qo‘mondonlik tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati