Gurlanlik yoshlarga manzur boʻlgan harbiy-vatanparvarlik festivali

0
789

Yurtimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qoʻyishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kelajak davomchilarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yurtimizning bir qator hududlarida harbiy-vatanparvarlik festivallari oʻtkazib kelinmoqda.
Xorazm viloyati, Gurlan tumanida joylashgan “Nukus” MFYdagi 29-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida yoshlar yetakchisining faoliyatini samarali tashkil etish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini keng targʻib qilish maqsadida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda Yoshlar ishlari agentligi, umumtaʼlim maktabi rahbarlari va oʻquvchi yoshlar, mahalla raislari, nuroniylar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olgan mutasaddi tashkilot rahbarlari va harbiy xizmatchilar mamlakatimizda yoshlarni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, isteʼdod va salohiyatlarini roʻyobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotgani haqida soʻz yuritishdi.

Shundan keyin festivalga yigʻilganlar harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlarining guvohi boʻlgan boʻlsa, soʻngra zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalar namoyishi tadbir qatnashchilariga manzur boʻldi. “Vatanparvar” tashkilotining sport texnikalari yurtdoshlarimiz qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish kabi hislarini uygʻotgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Shuningdek, tadbirda yigʻilgan yoshlar uchun sportning shaxmat-shashka, kamondan oʻq otish musobaqalari, voleybol, basketbol, stol tennisi hamda “Zakovat” aql bellashuvi tashkil etilib, yakunda gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti