Urganch yoshlariga manzur boʻlgan harbiy-vatanparvarlik tadbiri

0
1072

Yoshlar – kelajak bunyodkorlari. Shu sababdan bugun yoshlar masalasi davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylangan. Yurtimizning har bir shahar va tumanlarida, eng olis qishloqlarida yoshlar uchun zamonaviy koʻrinishga ega turli madaniyat maskanlari, taʼlim muassasalari barpo etildi. Muntazam ravishda uchrashuvlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkillashtirilib kelinyapi. Bu kabi tadbirlar ertamiz davomchilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, maʼnan yetuk yoshlarni voyaga yetkazishda muhim dasturilamal sanaladi.

Yana shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, yosh avlod tarbiyasida Vatanimiz himoyachilarining oʻrni alohida ahamiyatga ega boʻlib, harbiy soha vakillarining aholi va yoshlar orasiga kirib borishi armiya qudrati va salohiyatining ortishiga xizmat qilayotir. Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Temir yoʻlchilar” mahallasida harbiylar ishtirokida boʻlib oʻtgan tadbir yuqoridagi fikrimizning isboti boʻldi, desak, hech ham mubolagʻa boʻlmaydi. Xorazm viloyati Mudofaa ishlar boshqarmasi, Xorazm viloyati YHX boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamkorligida oʻtkazilgan “Yoshlar kelajagimiz!” nomli tadbir mahalla yoshlarida zavqli taassurotlarga boy oʻtdi.

Qurol-yarogʻ va harbiy hamda sport texnikalari koʻrgazmasi jajji tomoshabinlarga ham manzur boʻldi.
Ochiq havoda boʻlib oʻtgan jonli muloqot yoshlarda harbiylikka qiziqish uygʻotib, oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob olishdi.
Xuddi shunday mazmundagi tadbir Urganch shahridagi “Olimpiya” mahallasida ham tashkil etilib, yoshlarning maʼnaviy hordiq olishlari uchun konsert dasturlari, ot sporti va kamondan oʻq otish sport turlari boʻyicha mahorat darslari, Oʻzbek jang sanʼati Xorazm viloyati federatsiyasi sportchilarining koʻrgazmali chiqishlari hamda mahalla yoshlari oʻrtasida tosh koʻtarish, armrestling va arqon tortish kabi musobaqalar boʻlib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati