Jizzaxda jipslikda harakatlanishga qaratilgan jangovar mashg‘ulotlar o‘tkazildi

0
561

Markaziy harbiy okrugining Jizzax garnizonida yigitlik burchini sadoqat bilan o‘tayotgan, mardlik va matonat sinovlarida toblanayotgan harbiy xizmatchilar bilan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarining yangicha usul va uslublari bo‘yicha jipslikda haraktlanishga qaratilgan dala-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Unda dastlab shaxsiy tarkibning jangovar texnikalardagi harakatlari, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha himoyani kuchaytirishi, qo‘yilgan jangovar o‘quv vazifalarini sifatli bajarish, oriyentirlash hamda aloqani o‘rnatish borasidagi ko‘nikmalari sinaldi.

Shundan so‘ng merganlarga “shartli dushman” hududiga sezdirmay yaqinlashish, pozitsiya egallash, kuzatish va dushmanlarning kuzatuvchilarini yo‘q qilish vazifasi yuklatildi. Merganlar belgilangan har bir nishonni yo‘q qilish bo‘yicha o‘ziga xos yangi usullardan foydalanib berilgan vazifalarni uddalashdi.

  

Bu vaqt oralig‘ida esa bo‘linmaning yuksak tayyorgarlikka ega harbiylari “shartli dushman” ob’ekti tomon harakatlanib, yaqin masofada jang olib bordi. Komandir bo‘linmani jangovar ikkilik va uchlikka ajratdi. Ular otish pozitsiyalarini o‘zgartirib, tezkor va chalg‘ituvchi taktik harakatlar bilan “shartli dushman”ni qarshi oldi.

Xar bir mashg‘ulot davomida vzvod shaxsiy tarkibi turli nuqtalarda harakatlanib o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganligi natijasida dushmanga bir vaqtning o‘zida zarba berilib “shartli dushman” yakson etildi.

Xulosa qilib aytganda, nostandart vaziyatlarda yechim topa oladigan mard va jasur yigitlar har qanday holatda ham jangovar topshiriqni bajarib, ekstremal sharoitlarga tayyor ekanligini o‘tkazilgan mashg‘ulotlar davomida isbotlashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati