Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o‘quv maydonida keng qamrovli harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi

0
831

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda mahallalardagi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ertamiz egalarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar ko‘lami kengayib bormoqda.

Shu maqsadda Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbariyati kuch tuzilmalar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda muassasaga biriktirilgan Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi yoshlar uchun bir qator harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini tashkil qildi.

Jumladan, “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida o‘tgan navbatdagi harbiy-vatanparvarlik tadbirida 70 nafar uyushmagan yoshlar va o‘quvchilar qamrab olindi.

Kun davomida yoshlar akademiya faoliyati, kursantlarning dala-o‘quv maydonida olib borayotgan amaliy mashg‘ulotlari va ular uchun yaratib berilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mazkur muassasada o‘qish, bilim va ko‘nikmalarni egallash bo‘yicha yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan bevosita javob qaytarildi.

Ayniqsa, Qurolli Kuchlar akademiyasi dala-o‘quv maydoni va u yerdagi sharoitlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Darhaqiqat, 2019-yilda qayta ta’mirlanib, yangilangan ko‘rinishda foydalanishga topshirilgan bazada zamon talablari asosida qaytadan qurilgan yotoqxona, tibbiyot punkti, oshxona, o‘quv xonalari va boshqa binolar har tomonlama qulayligi va ko‘rkamligi bilan odamni o‘ziga jalb qiladi. O‘quv jarayoniga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladigan yangiliklardan biri – har bir o‘quv binosi interaktiv doskalar bilan jihozlanganligidir.

Shuningdek, kun davomida harbiy xizmatchilar va kursantlar ishtirokida  ko‘rgazmali mashg‘ulotlar hamda qo‘l jangi chiqishlari namoyish qilindi.

Mayor Farxod Qayumov,
Qurolli Kuchlar akademiyasi