Buxoroda “Shu aziz Vatan – barchamizniki!” nomli koʻrgazmali tadbir boʻlib oʻtdi

0
4608

Mamlakatimizda kelajagimiz vorislari boʻlmish yoshlarni har jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida barcha sohalar kabi harbiy sohada ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada harbiy okruglar va uning tasarrufidagi harbiy qismlar tomonidan turli xil manaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, unda yoshlarning ishtirokiga alohida ahamiyat qaratilyapti.

Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi “Eronshoh” MFYdagi 15-sonli umumtaʼlim maktabida Buxoro garnizonidagi harbiy qism, Milliy gvardiyaning Buxoro viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Buxoro viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Shu aziz Vatan – barchamizniki!” deb nomlangan koʻrgazmali tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda 1000 ga yaqin yoshlar, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdi. Ertamiz egalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida oʻtkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi hamda harbiy orkestr tomonidan kuylangan musiqa sadolari qatnashchilarning olqishiga sazovor boʻldi.

Albatta, bunday tadbirlarning guvohi boʻlgan har bir yosh avlod vakillari ona Vatanga sadoqatli farzand boʻlishi shubhasiz. Bu kabi vatanparvarlik tadbirlari viloyatning boshqa tumanlarida ham koʻtarinki ruhda davom etmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati