Navoiy choʻqqisini faqat bilimdonlar zabt etadi

0
1215

Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavallud topgan kun munosabati bilan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug Nukus garnizoni harbiy qismlaridan birida harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida intellektual oʻyin oʻtkazildi. Qiziqarli va bahs-munozaralarga boy oʻtgan bilimdonlar bellashuvida “Navoiy izdoshlari” “Foniy”, “Navoiy”, “Xamsanavislar” va “Buyuk mutafakkir” jamoalari ishtirok etishdi.
Navoiy ijodiyoti asrlar davomida badiiy qiymatini yoʻqotmay, adabiyot olamida yuksak baholanib kelinmoqda. Uning asarlari insoniyatni eng ezgu fazilatlarga chorlab, yetuk va komil insonni tarbiyalashda munosib xizmat qilyapti. Harbiy xizmatchilar hayotida Navoiy ijodiyotining muhim jihati shundaki, buyuk shoirimiz asarlarida vatanparvarlik gʻoyalari muhim oʻrin tutadi.

Yoshlar, askar va serjantlar hamda ofitserlar tarkibidan iborat jamoalar deyarli barcha savollarga toʻgʻri javob berishib, Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida toʻliq maʼlumotlarga ega ekanliklarini sinov maydonida isbot etishdi. Oʻyinda barcha gʻolib edi, ammo oʻz nomi bilan intellektual oʻyin. Qay bir jamoa gʻolib deb topiladi – buni tomoshabin va hayʼat azolari belgilaydi.
Umumiy natijalarga koʻra, Alisher Navoiy ijodiga mehri baland serjantlarning “Xamsanavislar” jamoasi 1-oʻringa loyiq deb topildi. Gʻolib jamoalar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda “Vatanparvar” mahalla fuqarolar yigʻini raisining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
Tadbir soʻngida oʻquvchi yoshlar tomonidan sheʼriy chiqishlar, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestr ijodkorlari tomonidan kuy va qoʻshiqlar ijro etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati