Yuvulg‘usi ko‘ngil dog‘i hazratning bir duosidan

0
2403

Ma’lumki, 9-fevral buyuk shoir, g‘azal mulkining sultoni, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavallud topgan kun. Bu yil ushbu sanada butun dunyo bo‘ylab shior tavalludining 581 yilligi nishonlanadi.

O‘lmas asarlari bilan insoniyat tarixida ulkan meros qoldirgan bobokalonimizning tavallud kuni munosabati bilan joylarda har xil ma’rifiy tadbirlar, navoiyxonlik kechalari, aholining turli qatlamlari bilan shoiru-adiblar ishtirokida adabiy dasturlar boshlab yuborildi.

Poytaxtimizdagi «Adiblar xiyoboni»da Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari, Chirchiq shahridagi 7-umumta’lim maktabi o‘quvchilari va taniqli adiblar ishtirokida ana shunday tadbir tashkillashtirildi. Tadbir harbiy xizmatchilar va maktab o‘quvchilarining «Adiblar xiyoboni»dagi buyuk alloma haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng «Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy tadqiqotidagi o‘rni» mavzusida adabiy va badiiy qismdan iborat navoiyxonlik kechasi o‘tkazildi.

Navoiyxonlik kechasi mehmoni sifatida tadbirga taklif etilgan «Sharq yulduzi» jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi yosh shior Mansur Jumayev allomaning adabiy merosiga oid bir-biridan qiziqarli ma’lumotlarni yig‘ilganlar e’tiboriga havola qildi. Har ikki ijodkor o‘z chiqishlari davomida Alisher Navoiy asarlaridan ilhomlanib yaratgan she’laridan o‘qib berishdi. Ayniqsa, Sirojiddin Rauf qalamiga mansub

Suhbidamda uyg‘onibman Navoiyning navosidan,
Sipqoribman mudom endi qo‘hi ma’ni havosidan…
Adam dashti, alam tog‘i ruhimda duch kelar,
Yuvulgisi ko‘ngil dog‘i, hazratning bir duosidan…

misralari yig‘ilganlarning ko‘ngliga kirib bordi.

O‘quvchilarning Husan Boyqaro va Alisher Navoiy timsolidagi sahna ko‘rinishi, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tizimida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan yigitlar va o‘quvchi yoshlarning Navoiy g‘azallarini o‘qishi kechaga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikasiyalar departamenti