Jizzaxda vatanparvalik ruhidagi keng qamrovli yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi

0
2311

Bugun, 4-fevral kuni Jizzax viloyatining chekka hududlaridan hisoblangan Yangiobod tumani “Sovot” mahallasida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishga qaratilgan keng qamrovli festival tashkil etildi.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini targ‘ib qilishga qaratilgan festivalning avvalida harbiy orkestr hamrohligida Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi bir guruh harbiy xizmatchilar hamda mahalladagi faol yoshlar mahalla ko‘chalari bo‘ylab Davlatimiz bayrog‘ini mardonavor ko‘tarib saf bilan yurib o‘tishdi.

Buni ko‘rgan “Sovot” mahallasidagi aholi va yoshlar tashabbuskorlarga ergashib mahalla markazidagi maktab o‘yingohiga jam bo‘lishdi.

Festivalda viloyat hokimligi, tumanning sektor rahbarlari, Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy xizmatchilar va hamkorlikdagi kuch tuzilmalar vakillari, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqining viloyat va tuman bo‘limlari, mahalla raislari, shoir va yozuvchilar, sport ustalari, maktab o‘qituvchilari hamda sovotlik aholi va yoshlar ishtirok etishdi.

Unda so‘z olgan mutasaddilar ertamiz davomchilarini har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda Prezidentimizning joriy yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturil amal bo‘layotganligini va mahalladagi yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning mohiyati va undan ko‘zlangan maqsadlari, kelgusidagi natijalari haqida so‘z yuritishdi.

Shundan so‘ng festivalning asosiy qismi harbiy orkestr jamoalarining ona Vatanni ulug‘lovchi tinchlik kabi tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi.

Keng qamrovda o‘tkazilgan festivalning badiiy qismi har bir yurtdoshimiz qalbida milliy armiyamiz bilan faxrlanish hislarini uyg‘otdi.

Yuqori kayfiyat va vatanparvarlik tuyg‘ulari boshlangan festival davomida mahalladagi yoshlar o‘rtasida sportning futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat va shashka, kamondan o‘q otish hamda turli milliy o‘yinlar o‘tkazildi.

Shuningdek, intellekt sohiblari uchun “Zakovat” aql bellashuvi, “Yosh kitobxon” musobaqasi, rassomchilik ko‘rik tanlovlari, jonli ijro sahnalari, ma’naviy-ma’rifiy kechalar, harbiy orkestr va iqtidorli san’atsevar yoshlar ishtirokida konsert dasturlari o‘tkazildi.

Yoshlarga unitilmas onlarni taqdim etgan festival yakunida musobaqa va ko‘rik tanlovlarda g‘olib, deb topilgan mahalla yoshlariga faxriy yorliq, badiiy adabiyotlar va sport anjomlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Umuman olganda, festival chin ma’noda uzoq manzildagi mahalla yoshlari uchun yangi bir davrni boshlab berdi. Jumladan, ular ertangi kunga bo‘lgan ishonchni, o‘zlaridagi iste’dod va iqtidorini namoyon etish va eng muhimi, yurt ravnaqi uchun daxldorlik hislarini dillarida tuydi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati