Mahalla yoshlari va harbiylar uchrashuvi taassurotlarga boy bo‘ldi

0
2550

Nukus shahridagi “Istiqlol” bolalar dam olish maskanida “Jeketerek”, “Gulzar”, “Juvazshi” mahalla fuqarolari yig‘inlaridan yuzga yaqin yoshlar va yoshlar yetakchilari ishtirokida vatanparvarlik targ‘ibotiga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestr jamoasining diltortar taronalari hamda harbiy qismning bir guruh askarlari tomonidan havola etilgan ko‘rgazmali chiqishlar mahallalardan tashrif buyurgan yoshlarda juda katta taassurot qoldirdi.

Harbiy orkestr musiqachilari yoshlarga orkestrning eng muhim musiqiy cholg‘u asboblaridan saksofon, turba, tuba haqida ma’lumotlar berib o‘tishdi. Ayni paytda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida puflama va zarbli cholg‘u asboblarini o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlar uchun bepul to‘garaklar faoliyat yuritib, bunda harbiy xizmatchilar yoshlarga saboq berib kelmoqdalar. Tadbir ishtirokchilari orasida esa musiqaga qiziqish bildirgan yoshlar kelgusida to‘garaklarda ishtirok etish istagini bildirishdi.

Xushsurat va alpkelbat yigitlardan iborat faxriy qorovul chiqishlari esa o‘g‘il-qizlarning gulduros qarsagiga sazovor bo‘ldi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati