Sirdaryoda yoshlar bilan ishlash tizimini targ‘ib qilishga qaratilgan festival bo’lib o’tmoqda

0
1034

Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi, albatta, davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Shu maqsadda bugun, 2-fevral kuni Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashishga qaratilgan festival tashkil etildi.

Unda viloyati hokimligi, shahar va tuman rahbar xodimlari, Toshkent harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va hamkorlikdagi kuch tuzilmalar rahbarlari, mahalla raislari, maktab direktorlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Darhaqiqat, mazkur tadbirlarning o’tkazilishida Prezidentimizning 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal bo’lib xizmat qilmoqda.

Mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, besh muhim tashabbus loyihalari, bugungidek yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash bugungi sa’y harakatlardan ko’zlangan asosiy maqsaddir.

Ayni paytda festivalning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Shu bilan birga harbiy orkestr hamrohligida kuch tuzilmalari mahalla ko’chalarida saf bilan yurib o’tishdi. Ayniqsa, 30 metrlik bayroq marshi tadbirga o’zgacha shukuh bag’ishladi.

Shuningdek, tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev bevosita ishtirok etib, yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning maqsad va vazifalari, istiqboldagi rejalar haqida gapirib o’tdi.

Festival doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va barcha vazirlik idoralar, jumladan, Mudofaa vazirligi hamda sektorlar mutasaddilari hamkorligida “Hikmatli” mahallasidagi mavjud koʻchalar kesimida kun davomida sportning minifutbol, voleybol, kurash, karate turlari boʻyicha musobaqalar, shuningdek, intelekt sohiblari uchun “Zakovat” aql bellashuvi, “Yosh kitobxon” musobaqasi, rasmllr to’garagi kabi maʼnaviy-maʼrifiy kechalar, konsert dasturlari o’tkazilishi rejalashtirilgan. Harbiy xizmatchilarning ko’rgazmali chiqishlari, harbiy texnika va qurol-aslahalarning namoyishi ham shular jumlasidan.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini targ‘ib qilishga qaratilgan festival davom etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti