Amaliy mashgʻulotlarda toblanayotgan harbiy xizmatchilar

0
2797

Harbiy xizmatchilarning bilim va koʻnikmalari hamda mahoratlarini oshirishda amaliy mashgʻulotlarning oʻrni beqiyosdir. Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Andijon garnizonida joylashgan harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari muntazam ravishda shu kabi mashg‘ulotlarda toblanib kelmoqda. 

Qishning noqulay ob-havo sharoitlariga qaramasdan, harbiy xizmatchilar nazariy bilimlarini amaliy mashgʻulotlar orqali mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, bugun Andijon dala oʻquv maydonida guruh, shaxsiy qurollar hamda jangovar texnika qurollaridan belgilangan nishonlarni yakson qilish, merganlik mahoratlarini oshirishga qaratilgan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.

Nishonlarning turli xil uzoqlikdan o‘rin olgani mo‘ljalga oluvchidan bir qator ko‘nikmalarni, jumladan, harbiy mahorat va tezkorlikni talab etadi. Bunday mashgʻulotlar o‘z navbatida harbiy xizmatchilarning har qanday sharoitlarda nishonni yuqori aniqlik bilan yakson etish koʻnikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati