Mahallalarda va umumtaʼlim maktablarida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etishga qaratilgan yigʻilish

0
1621

Andijonda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ularning muammolarini bevosita mahallalarda va umumtaʼlim maktablarida hal etish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish, bu boʻyicha tizimli tadbirlarni rejalashtirib olish maqsadida videoselektor tarzida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda viloyati hokimi, shahar va tuman rahbar xodimlari, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi va hamkorlikdagi kuch tuzilmalar rahbarlari, mahalla raislari, maktab direktorlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastavval shahar va qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada va umumtaʼlim maktablarida “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, ular toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini ommalashtirish, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni muntazam oʻtkazib, ertamiz egalarining ijtimoiy faolligini oshirish va buning natijasida ularda koʻzga tashlangan iqtidor hamda tashabbuskorligini munosib ragʻbatlantirib borish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shu maqsadda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga koʻmaklashish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Tadbir davomida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni soʻzga chiqib, sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida — mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish boʻyicha musobaqalarni tashkil etish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida — Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqalari, “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “Toʻmaris malikalari”, “Yosh huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” tanlovlari hamda “Men ham askar boʻlaman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etish borasida harbiy qism va muassasalar, barcha hamkor tuzilmalar harbiy xizmatchilarining ham vazifalari belgilab berdi.

Undan tashqari viloyatning mutassadi rahbarlari tomonidan har bir mahallada va umumtaʼlim maktablarida “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalarini amalga oshirilishi, mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish boʻyicha rejali ishlarni amalga oshirishi lozim ekanligi aytib oʻtildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati