Chotqol tizmasi etaklarida…

0
1563

Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markaziga uyushtirilgan galdagi safarimiz harbiy xizmatchilarning amaliy mashg‘ulotlari vaqtiga to‘g‘ri keldi. Baland cho‘qqilarning salobati, qish faslining karomati – oppoq qorda tovlanib, ko‘zni qamashtirayotgan quyoshning o‘tkir nurlari-yu tabiatning go‘zal manzaralaridan bir hayratlansangiz, purviqor qoyalar orasidan chang‘ida yeldek uchib kelayotgan jangchilar, ot ustida uloq talashayotgan mardi maydon chavandozlar, qurolini yelkasiga ilib, Vatan himoyasiga otlanayotgan harbiy xizmatchilarni ko‘rib, o‘n chandon hayratga tushasiz.

G‘arbiy Tyanshan tog‘larining Chotqol tizmasi etaklarida – dengiz sathidan 1 700 metr balandlikda bunyod etilgan mazkur kompleks 316 gektar maydonga ega bo‘lib, 2020-yilda foydalanishga topshirilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, zamonaviy talablarga to‘la javob bera oladigan markazning yaratilishi harbiylarimizning Xalqaro armiya o‘yinlaridagi imkoniyatlarini karrasiga oshirib yubordi.

Bu yerda nafaqat Xalqaro armiya o‘yinlariga tayyorgarlik, balki harbiy xizmatchilarning muntazam ravishda tog‘li hududlardagi qiyin sharoitlarda jang olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari ham mustahkamlab boriladi.

Ushbu maskanda harbiy xizmatchilar tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini oshirib, to‘liq jangovar holatda tik qoyalarda uzoq yo‘lni bosib o‘tib, tog‘ tayyorgarligi, otish tayyorgarligi va taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlarini bajaradi. Tog‘li hududlarda og‘ir jangovar texnikalardan foydalanish imkoni yo‘q. Shu sababli chavandozlik ko‘nikmalari tog‘da xizmat faoliyatini olib boradigan harbiylar uchun tayyorgarlikning asosidir.

Bundan tashqari, ayni paytda O‘zbekistondagi boshqa kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari ham ushbu markazda muntazam mashg‘ulot olib bormoqda. Harbiy yo‘riqchilarning ta’kidlashicha, qish mavsumida vazifalar biroz murakkablashadi. Ana shunday sharoitda tog‘ to‘siqlarini oshib o‘tishni tezlashtiruvchi va yengillashtiruvchi vositalarni qo‘llash, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni oshirish, shartli bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni tog‘li hududlarda xavfsiz joyga ko‘chirish, baland tog‘ hududlarida o‘qotar qurollardan foydalanish kabi mashg‘ulotlarda harbiy xizmatchilarning professionalligi oshib, kasbiy mahorati toblanmoqda.

Shuningdek, safar davomida markazda tayyorgarlikdan o‘tayotgan tog‘ ishg‘ol guruhlarining amaliy mashg‘ulotlarini ham kuzatdik. Bo‘linmalar tomonidan chang‘ida harakatlanib, jangovar vazifalarni bajarish, paraplanda harakatlanish, tog‘ sharoitlarida shartli dushman guruhini ishg‘ol qilish, otlarda harakatlanish va chavandozlik mashg‘ulotlari namoyish qilindi.

Ekstremal, 4–6 daraja sovuq ob-havo sharoiti, buning ustiga tizzadan oshadigan qorda harakatlanish harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini tekshirish uchun jiddiy sinov, albatta. Vatan himoyasi va shoni uchun bel bog‘lagan yigitlar uchun bu sinovlar navbatdagi o‘quv mashg‘uloti, xolos. Xulosamiz esa tugal: mashqda qancha qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi.

Leytenant Muhammadjon XO‘JAYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti