Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini targ‘ib qilishga qaratilgan festival

0
2864

Yoshlar davlat siyosati ustuvor yoʻnalishlaridan biri, deyilsa hech ham mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, Prezidentimizning 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori buning yaqqol dalildir.

Mazkur qaror ijrosi doirasida bugun, 30-yanvar kuni Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani “Paxtazor” MFYda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, isteʼdodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish maqsadida festival tashkil etdi.

Yosh avlod uchun tashkil etilgan festivalning maqsadi mahallalarda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq oʻyinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlashdan iboratdir.

Ta’kidlash kerakki, davlat rahbarining qarori asosida huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga koʻmaklashish etib belgilangan.

Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va barcha vazirlik idoralar, jumladan, Mudofaa vazirligi hamda 4 sektor mutasaddilari hamkorligida “Paxtazor” mahallasidagi mavjud 14 koʻchalar kesimida sportning minifutbol, voleybol turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.

Intelekt sohiblari uchun “Zakovat” aql bellashuvi, “Yosh kitobxon” musobaqasi, maʼnaviy-maʼrifiy kechalar barchaga unutilmas onlar tortiq qildi.

Harbiy xizmatchilarning fesvital doirasidagi koʻrgazmali chiqishlari esa yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘lib, yoshlarda kelajakda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otgani shubhasiz.