Nukusda “Biz bunyodkor yoshlarmiz — narkomaniyaga qarshimiz” shiori ostida seminar tashkil qilindi

0
4836

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tashabbusi bilan Nukus shahridagi Yoshlar markazida “Biz bunyodkor yoshlarmiz — narkomaniyaga qarshimiz” shiori ostida mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun seminar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi 92-sonli “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq joriy etilgan yoshlar yetakchilari ishtirokidagi seminar, kelgusida ularning faoliyatida asqotadigan dolzarb mavzularni qamrab olgan boʻlib, ogohlikka undovchi muhim tadbir sanaladi.

Seminarda yoshlar yetakchilariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Narkologiya dispanseri mutaxassislari hamda tadbir tashkilotchilari tomonidan voyaga yetmaganlarning huquq-erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash, ular oʻrtasida vatanparvarlikni targʻib qilish, giyohvandlik, axloqsizlik, huquqbuzarlik, jinoyatchilik va boshqa zararli illatlarning oldini olish yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Tadbir soʻnggida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Ulugʻbek Dusmatov va yoshlar yetakchilari prezident qarori ijrosini taʼminlashda keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda muntazam ravishda illatlarga qarshi kurashish borasida profilaktik tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha kelishib oldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati