Ham zamonaviy, ham har tomonlama qulay

0
1271

Koʻchma zenit qurilmasi (PZRK)sidan shartli dushman samolyoti, vertolyoti yoki uchuvchisiz uchish apparatlarini raketa yordamida urib tushirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar. Bu amaliy mashgʻulotlar respublikamizning qaysidir dala-oʻquv maydoni emas, balki quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa mutaxassislari uchun tashkillashtirilgan oʻquv kursida kuzatish mumkin.

Bungacha quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa mutaxassislari bu kabi kursni kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida oʻtardi. Endilikda mudofaa vazirining tashabbusi bilan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida koʻchma zenit qurilmalaridan amaliy otish mashqlarini bajarish uchun kompyuterlashtirilgan trenajyor oʻquv sinflari tashkil etildi.

Bilim yurti quruqlikdagi qoʻshinlar havo hujumidan mudofaa kafedrasidagi oʻquv sinflari va kursining muhim jihatlari juda koʻp. Birinchidan, bu yoʻnalishda xizmat burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi boʻyicha koʻnikmalarini doimiy tarzda shakllantirib borish taʼminlandi. Ikkinchidan, trenajyor oʻquv sinflarida otish mashqlarini har qanday sharoitda ham bajarish mumkin. Buning uchun qulay ob-havo sharoiti, dala-oʻquv maydoni yoki jangovar raketalar boʻlishi muhim emas. Hozirda ilk oʻquv kursiga barcha harbiy okruglardan tinglovchilarni taklif etilgan. Ular 72 soatlik amaliy va nazariy mashgʻulotlar davomida oʻz mutaxassisliklari toifalariga ega boʻlishadi.

Shu oʻrinda oʻz-oʻzidan kompyuterlashtirilgan trenajyor oʻquv sinflarida bajariladigan mashqlar real holatga qanchalik yaqin boʻladi degan haqli savol tugʻiladi. Oʻquv kursi rahbari podpolkovnik Farhod Jamolovning taʼkidlashicha, tinglovchilar trenajyorlarda bajarayotgan mashqlar jangovar vaziyatga 80-90 foiz toʻgʻri kelishi, ular orasida xalqaro armiya oʻyinlarining “Musaffo osmon” yoʻnalishida sovrindor boʻlgan harbiy xizmatchilarning borligi yanada ahamiyatli. Negaki, armiya oʻyinlari ishtirokchilari oʻquv kursi davomida oʻz xalqaro tajribalarini boshqa quroldosh doʻstlari bilan oʻrtoqlashgan holda tajribalarini yanada mustahkamlab borishmoqda.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti