Harbiy bilim yurtida yangi kitob taqdimoti

0
2764

Yaqinda butun respublikamiz bo‘ylab Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining yubiley – 30 yillik bayramini keng nishonladik. Ushbu sanaga bag‘ishlab joylarda bayram dasturlari tashkil etildi. Bayram shukuhi esa harbiy qismlarda haligacha davom etmoqda.

Eng ahamiyatlisi shundaki, yubileyga bag‘ishlab «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil» va «O‘zbekiston Respublikasi shon-sharaf muzeyi» kitob-albomlari yaratildi. Mazkur kitob-albom milliy armiyamiz bosib o‘tgan uch o‘n yillik zalvorini o‘zida aks ettirgan holda chop etildi va uni yaratishga yuqori malakali mutaxassislar jalb qilindi.

Kuni kecha Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida shu kitob-albomlarning taqdimotiga, yaratilish tarixi hamda chop etilishiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi. Bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi tomonidan tashkillashtirilgan kechada kitob ijodkorlari, tarixchi olimlar, bilim yurti shaxsiy tarkibi va kursantlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik D. Davletboyev, «Shon-sharaf» muzeyi ilmiy xodimi Ubaydulla Altinov hamda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Habibulla Xolmatov yig‘ilganlarga kitob-albomlardan o‘rin olgan, Qurolli Kuchlarimizning 30 yil davomidagi tarixidan hikoya qiluvchi qimmatli ma’lumotlar va fotosuratlarga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

Taqdimot marosimi yakunida polkovnik D. Davletboyev va Ubaydulla Altinov shu va boshqa kitoblar jamlanmasini Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kutubxonasiga bayram tuhfasi sifatida topshirishdi. Qimmatli kitoblarni qabul qilib olgan bilim yurti  boshlig‘i polkovnik Shavkat Mamajonov uning chop etilishida ishtirok etgan jonkuyarlarga esdalik sovg‘alarini berib, ularning barchasiga minnatdorchilik izhor qildi. Kitob ijodkorlari orasida Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Habibulla Xolmatovning borligi ta’lim maskanimizda bilim olayotgan bo‘lg‘usi ofitserlarimizni yanada ruhlantiradi, deya ta’kidladi.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti