Doʻstona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida

0
1126

1930-yil hind Milliy kongressi qabul qilgan qarorga koʻra 26-yanvar Hindiston kuni sifatida nishonlab kelinadi va bu bayram Hindistonning uchta milliy bayrami (Mustaqillik kuni, Hindiston kuni, Gandi kuni)dan biri sanaladi. Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Hindiston elchixonasi va hind madaniyat markazi ushbu bayramni har yili Oʻzbekistonda ham oʻziga xos tantanalar bilan oʻtkazib kelmoqda.

25-yanvar kuni Hindiston elchixonasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻzbek-hind xalqlarining doʻstona munosabatlarini aks ettiruvchi tadbir tashkillashtirildi. Tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi boshligʻi podpolkovnik Babur Shayakubov, Hindistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat hamda elchixona harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand, taʼlim maskani ustozlari ishtirok etdilar.

Podpolkovnik Babur Shayakubov bayram munosabati bilan hind xalqiga oʻz tabrigini yoʻllab, ikki davlat oʻrtasidagi mustahkam doʻstona rishtalar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari, shu jumladan Qurolli Kuchlar akademiyasi va Hindiston harbiy taʼlim muassasalari bilan birgalikda olib borilayotgan istiqbolli dasturlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Manish Prabxat samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Oʻzbekistonda Hindiston kuni munosabati uzoq yillardan buyon madaniyat hamda ilm-fan sohalarida oʻtkazilib kelinayotgan anjumanlar oʻzbek va hind xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirayotganini taʼkidladi. Shu bilan bir qatorda harbiy yoʻnalishda ham ikki tomonlama yutuqlarga erishilib, uning samarasi faqat tinchlik yoʻlida xizmat qilishiga tilak bildirdi.

Tadbir yakunida Babur Shayakubov va Manish Prabxatga oʻzaro esdalik sovgʻalari bilan almashdilar.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti