Denovda oʻtkazilgan vatanparvarlik tadbiri xalqona musobaqalarga ulanib ketdi

0
3214

Xayrobod garnizonida Surxon milliy etnomadaniyatini aks ettiruvchi vatanparvarlik tadbiri harbiylar va mahalliy chavandozlar hamda baxshilar bellashuviga ulanib ketdi.
Bugungi kunda mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar orasida ot sportining uloq-koʻpkari, ot ustida kurash va poyga kabi musobaqalari hamda baxshichilik va dostonchilik, chanqovuzdan kuy ijro etish sanʼatlari tobora rivoj topmoqda.
Xayrobod garnizonida boʻlib oʻtgan shunday tadbirning navbatdagisiga Denov tumanida istiqomad qilayotgan oʻquvchi yoshlar hamda harbiy qismga yaqin yashaydigan mahalliy aholi va 8 nafar blogerlar tomoshabin hamda ishtirokchi sifatida jalb qilindi.
Dastlab mehmonlar Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining texnikalari hamda harbiy qismda mavjud zamonaviy qurol-yarogʻlar va otliq boʻlinma uchun qurilgan zamonaviy ot sporti majmuasi bilan tanishdilar.
Shundan soʻng tadbirning asosiy qismi boshlandi. Unda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoning oʻrinbosari polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev nutq soʻzladi va harbiy xizmatchilarga bugungi kunda yaratilayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida aytib oʻtib, soʻzining yakunida bugungi musobaqada ishtirok etayotgan barcha yoshlarga hamda harbiy xizmatchilarga omad tiladi.

Shundan soʻng Termiz shahridan tashrif buyurgan aktyorlar tomonidan Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi monologlari, ular obrazlarining sahnalashtirilgan chiqishlari, ustoz baxshilar va shogird havaskor harbiy baxshilar aytishuvlari, chanqovuz kuylari ijrolari, oʻtovlarning ichida momolarning laparlari hamda tarixiy uy-roʻzgʻor buyumlaridan foydalanishi namoyishi barcha ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
– Harbiy xizmatchilarimiz va mahalliy chavandozlar ot sporti oʻyinlarida, ustoz baxshilar bilan birgalikda doston, terma aytishuvlarda hamda chanqovuzdan kuy ijro etishda faol ishtirok etmoqdalar, bugungi “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” shiori ostida oʻtkazilayotgan vatanparvarlik tadbirida bu yana bir bor namoyon boʻldi, – deydi podpolkovnik Alisher Shirinov.
Tadbirning ikkinchi qismida harbiy va mahallaiy chavandozlar oʻrtasida ot ustida kurash, ot poygasi hamda uloq-koʻpkari musobaqasi oʻtkazildi. Ushbu musobaqa “Oʻzbekiston-24” telekanalidan jonli efirga uzatildi hamda malakali mutaxasislar tomonidan baholab borildi.
Tadbir yakunida gʻolib boʻlganlar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV