Ehtiyotkorlik va sergaklik – xavfsizlik garovi!

0
963

Sizda orom qayda, Sizda tin qayda,
Siz to‘yib uxlagan bitta tun qayda.
El-yurt oromini asragan zotlar,
El mehri asrasin Sizni har joyda!…

Sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning aynan shu jumlalar bilan boshlanadigan «Posbonlar» she’ri yurt himoyachilarining sharafli kasbiga berilgan eng munosib bahodir! Shunday ekan, xalq tinchligi va osoyishtaligini bir lahza bo‘lsa ham unutmaydigan kasb egalari – Vatan posbonlarining jamiyatdagi huquqiy kafolatlarini ta’minlash, oilaviy va maishiy muammolarini qisqa muddatlarda hal etish eng muhim vazifalardan biridir.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli Chirchiq garnizonida joylashgan harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi hamda nazorat organlari ishtirokida «Ehtiyotkor va sergak harbiy xizmatchi – har doim xavf-xatardan yiroqda» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati yuqoridagi fikrlarimizga yana bir marta asos bo‘ldi.

Chirchiq shahar IIB migratsiya va fuqarolarni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Rustam Kenjayev, Chirchiq shahar IIB YPX bo‘limi inspektori katta serjant Jamshid Atajanov, Chirchiq garnizoni harbiy avtomobil nazorati boshlig‘i kapitan Abbos Amirov hamda harbiy qism yong‘in o‘chirish komandasi boshlig‘i katta leytenant Shokir Xushvaqtov harbiy qism shaxsiy tarkibini qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Mutaxassislar harbiy xizmatchilarga biometrik pasportlarni ID kartaga, eski haydovchilik guvohnomlarini yangisiga almashtirish, yo‘l harakati qoidalari buzish va ularga to‘lanadigan jarimalar, yashash joyini o‘zgartirish jarayonidagi ro‘yxatdan o‘tish tartibi kabi dolzarb masalalarda muhim ma’lumotlarni yetkazishdi.

Tadbirning amaliy qismida IIB YPX bo‘limi inspektori va harbiy qism yong‘in o‘chirish komandasi yo‘l harakati qoidalarini buzish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib berdilar. Bunday holatlarning oldini olishda ehtiyotkorlik va sergaklik – xavfsizlik garovi garovi bo‘lishi ta’kidlandi.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti