Yangi nashr: “O‘zbekiston armiyasi ob’yektiv qarshisida”

0
1008

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti “Vatanparvar” birlashgan tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston armiyasi ob’yektiv qarshisida” nomli kitob-albomni nashrdan chiqardi.

Ushbu kitob-albom Mudofaa vazirligi faoliyati – jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, xalqaro harbiy hamkorlik, ijtimoiy muhofaza, moddiy ta’minot, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga oid eng sara fotosuratlarni o‘zida jamlagan.

Kitob-albom “Olg‘a bos, yengib bo‘lmaydigan to‘siq yo‘q!”, “Mashq maydonida professionallar”, “Xalqaro harbiy hamkorlik”, “Qo‘shinlarning quvvat manbai”, “Men g‘olib!” va “Askar bo‘lar yigitning mardi” kabi o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi umumiy 6 bo‘limdan iborat.

Ta’kidlash joizki, tahririyatning 30 yillik arxividan milliy armiyamizning shakllanishi, rivoj topishi va xalqaro maydonda munosib mavqega ega bo‘lish bosqichlari aks etgan takrorlanmas va tarixiy fotosuratlar joy olgan. Jamoa esa buni yaxlit tarzda kitob-albom ko‘rinishida xalqimizga taqdim eta oldi.

Quruqlikda, suvda va havoda, kunu tun, yozu qish zimmasidagi sharaf ishini mardlik va jasurlik, sadoqat va fidoyilik bilan bajarayotgan harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlari, kundalik hayoti aks etgan ushbu majmua keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, tahririyat tomonidan “Vatanparvar” kutubxonasi rukni ostida bundan avval “Mangu jasorat”, “Qalqon qo‘shig‘i” va yana ko‘plab kitoblar nashr etilgan edi.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti