“Qancha shoning boʻlsa Vatanni koʻtar!” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

0
935

Vatan haqida aytilgan har qanday soʻz sharafli maqomga ega. Dunyo yaralibdiki, hech bir ijod ahli bu muqaddas kalomni toʻla-toʻkis kuylay olmagan. Chunki Vatan bor-budingni ikkilanmay baxsh etsa boʻladigan borliqdir.

Xabaringiz bor, oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbida vatanparvarlik sifatlarini oshirish, Vatan taqdiri va uning mustaqilligi uchun masʼuliyat hissi, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, milliy armiyamizdan gʻururlanish tuygʻularini kamol toptirish maqsadida Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” birlashgan tahririyati tomonidan “Qancha shoning boʻlsa Vatanni koʻtar!” nomli shoir va havaskor yoshlar oʻrtasida tanlov eʼlon qilingan edi.

2021-yilning 11-oktabridan 15-dekabrigacha 70 nafardan ortiq ijodkorlardan jami 250 dan ortiq ijodiy ishlari tahririyatga kelib tushdi va ulardan 47 nafar ishtirokchining 70 ga yaqin sheʼrlari “Vatanparvar” gazetasi sahifalarida eʼlon qilindi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida tanlovda ijod namunalari eng yaxshi, deb topilgan bir guruh gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti masʼullari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Gʻayrat Majid hamda koʻplab shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.
– Vatanni madh etish ulugʻ ish boʻlsa, uni qoʻriqlash, muhofaza etish undan-da buyukroq qahramonlikdir, – deydi shoir Gʻayrat Majid. – Aslida Oʻzbekistonning har bir qarich yeri uchun jon fido qilishga tayyor oʻgʻlonlarimiz fidoyiligini qancha kuylasak, shuncha kam. Ushbu tanlov ana shunday vatanparvarlik namunalarini bir joyga jam qila olgani bilan ham qimmatlidir.

Tadbirning asosiy qismida gʻolib va sovrindorlar diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi. Yakuniy natijalarga koʻra:

  • 1-oʻrin – Shodmonqul Salom (bazaviy hisoblash miqdorining 12 (oʻn ikki) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 1-darajali diplom);
  • 2-oʻrin – Zamira (Roʻziyeva) Xoʻjamberdiyeva (bazaviy hisoblash miqdorining 10 (oʻn) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 2-darajali diplom);
  • 2-oʻrin – Dadaxon Muhammadiyev (bazaviy hisoblash miqdorining 10 (oʻn) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 2-darajali diplom);
  • 3-oʻrin – Zikrilla Neʼmat (bazaviy hisoblash miqdorining 8 (sakkiz) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 3-darajali diplom);
  • 3-oʻrin – Shahriyor Shavkat (bazaviy hisoblash miqdorining 8 (sakkiz) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 3-darajali diplom);
  • 3-oʻrin – kapitan Zuhriddin Alijonov (bazaviy hisoblash miqdorining 8 (sakkiz) barobari miqdorida pul mukofoti hamda 3-darajali diplom);
  • Ragʻbatlantiruvchi mukofotga kapitan Alijon Qambarov, kichik serjant Dilnozaxon Sulaymonova, Ikromjon Asliy-Andijoniy, Barnoxon Rajabova, Dilnoza Davronova, Nigina Zokirova loyiq topilib, ular tashakkurnoma va “Vatanparvar” kutubxonasi seriyasidagi kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.

“Vatanparvar” birlashgan tahririyati bunday keyin ham ijodiy tanlovlarni yil boʻyi oʻtkazishni rejalashtirgan va bu bilan koʻplab shoir va yozuvchilarni yuzaga chiqarishni maqsad qilgan. Biz kelgusida ham “Vatanparvar” gazetasi ijod ahli va yosh qalamkashlar uchun ijodiy maydoni boʻlib qolishiga ishonamiz.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti