Ijodkorlar va harbiylar oʻrtasida ijodiy uchrashuv boʻlib oʻtdi

0
951

Markaziy harbiy okrugning maʼnaviyat va maʼrifat markazida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” shiori ostida tadbir tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzosi Nodir Jonuzoq, mazkur kengashning Samarqand viloyati boʻlimi aʼzosi Farmon Toshev, viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshid Ochilov, taniqli parodiyachi shoir, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurazzoq Obroʻyev qatnashib, harbiy xizmatchilarni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy tabrikladi.

Soʻz olganlar keyingi yillarda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida toʻxtalib, harbiy boʻlish naqadar sharafli va albatta, oʻta masʼuliyatli ekanligini taʼkidladi.

Tadbirda harbiylar Nodir Jonuzoqning muhabbatni madh etgan, Abdurazzoq Obroʻyning “ichakuzdi” sheʼrlaridan bahramand boʻldi. Shuningdek, mehmonlar harbiylar hayoti bilan bogʻliq qiziqarli voqealarni soʻzlab berishdi.

Uchrashuv davomida ijodkor harbiy xizmatchilarga ham soʻz berilib, ularning taklif va fikrlari hamda oʻzi yozgan sheʼrlari tinglandi.

Mehmonlar tomonidan tadbirda faol qatnashgan harbiylarga va okrug maʼnaviyat va maʼrifat markazining kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilindi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati