Harbiylar va yoshlar front ortida zahmat chekkan ayolga shodlik ulashdi

0
908

Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari hamda Prezident maktabi oʻquvchilari Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida zahmat chekkan 90 yoshli Sofiya Pogrebovaning holidan xabar olishdi.

Mehmonlar faxriy onaxonga bugungi tinch va osuda kunlar uchun minnatdorchilik bildirib, bayram sovgʻasini ulashdi va koʻnglini togʻdek koʻtarishdi.

Sofiya Pogrebova urush yillaridagi torgan zahmatlarini aytib berib, bugun jonajon Oʻzbekistonning koʻhna va navqiron Samarqand shahrida umrguzaronlik qilayotganidan mamnunligini bildirdi.

– Men urush boshlanganida 9 yoshda edim, – deydi Sofiya Pogrebova. – Posyolkamizni fashistlar bosib olishdi va oʻsha yerni oʻzlari uchun kichik bir shtab qilishdi. Fashistlar oʻrmon orasida yana bir kichik posyolka borligini payqashmagan edi. U yerda Ittifoq armiyasining razvedka boʻlinmasi joylashgan edi. Oʻrmonga oʻtin yoki qoʻziqorin terish uchun, deb ularning oldiga borib eshitgan bor maʼlumotlarimni yetkazib turar edim. Oradan ancha vaqtlar oʻtdi va posyolkamiz fashistlar qoʻlidan xalos boʻldi. Biz boshqalarning ham shunday baxtga erishishi uchun front ortida turib matonatli mehnat bilan tinchlik uchun xizmat qildik.

Suhbat jarayonida oʻquvchi yoshlar Sofiya Pogrebovaga Samarqandga qaysi shamollar yetaklaganligi boʻyicha savolga tutdi.

– Akam oʻzbek yigitlari bilan aka-ukadek boʻlib ketib, urushdan soʻng Oʻzbekistonga kelgandi. Oradan vaqt oʻtib, yaʼni 1963-yilning yoz oylarida meni ham oʻzi bilan olib ketish uchun Ukrainaga keldi. Shu tariqa oʻzi bilan olib keldi va oʻzgacha fasli tarovati bir-biridan goʻzal, osmoni musaffo, zamini saxovatli, quyoshli oʻlka, rizq-roʻzi ziyoda boʻlgan Oʻzbekistondaman, – deb oʻquvchi yoshlarga Vatanni asrab-avaylash borasida oʻz nasihatlarini berdi.

Sofiya Pogrebova 1963-yildan buyon mamlakatimizda xalq xoʻjaligining turli sohalarida faoliyat yuritib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati