Qashqadaryoda kuch tuzilmalari vakillari merganlikda bellashdi

0
2591

Yurt tinchligini saqlashda kamarbasta o‘g‘lonlarning jismoniy tayyorgarligini yanada oshirish maqsadida turli xildagi sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Bayram arafasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari o‘rtasida pnevmatik miltiqdan “O‘q otish” musobaqasi tashkil etildi.

Unda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va harbiy tuzilmalari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari harbiy qismlari va boshqa harbiylashgan bo‘linmalari, Davlat bojxona qo‘mitasiga qarashli idoralar vakillari ishtirok etdi.

Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tkazilib, unda qatnashchilar muvafaqqiyatga erishish uchun bor imkoniyatlarini namoyon etdilar. Musobaqa yakuniga ko‘ra jamoalar o‘rtasida 1-o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati Cheraga qo‘shinlari harbiy qism jamoasi egallagan bo‘lsa, 2-o‘rin Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qismga nasib etdi. Qarshi xalqaro aeroportlarda xavfizlikni ta’minlash harbiy qism jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi.

Yakkalik baxslarida 1-o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati Cheraga qo‘shinlari harbiy qism kichik serjanti Yusufjon Poziljonovga, 2-o‘rin Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qism shartnoma bo‘yicha harbiy hizmatchisi oddiy askar Abror Ergashevga hamda 3-o‘rin Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qism kichik serjanti Asliddin Aliyevga nasib etdi.

Gʻolib jamoa va sovrindorlar esdalik sovg‘a va diplom hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati