Bolajonlarga zavq ulashgan bellashuvlar

0
465

Qurolli Kuchlar akademiyasiga qarashli “Vatan” oilaviy yotoqxonasida yashovchi harbiylarning farzandlari o‘rtasida “Biz sportchi oilamiz!” shiori ostida “quvnoq startlar” ko‘ngilochar tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Qiziqarli shartlarga boy bo‘lgan musobaqada bolalar uch guruhga ajralgan holda koptok bilan harakatlanib belgilangan masofaga yugurish, o‘rnatilgan to‘siqlarni tezkorlik bilan zabt etish, savatchaga to‘p uloqtirish, darts (mo‘ljalga olish mashqi) hamda arqon tortish kabi yo‘nalishlarda bellashdilar.

  

Kichkintoylarning g‘oliblik uchun murosasiz kurashlari tomoshabinlarning e’tiborini tortmasdan qolmadi. G‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq, qolaversa, oila a’zolarining qo‘llab quvvatlashlari ularni yanada ruhlantirdi.

 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Lochinlar” jamoasi sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritib, musobaqaning mutloq g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, bellashuvlarda faol ishtirok etgan qolgan jamoalar ham tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Barchinoy SINDAROVA,
Zarnigor ESHBO‘TAYEVA,
O‘zJOKU Harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabalari