Askarlar mahalla mehmoni bo‘lishdi

0
1999

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bir guruh askarlar hamda o‘tgan yilgi xalqaro armiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan harbiy xizmatchilar Samarqand shahridagi “Yuqori chordara” MFYda mehmon bo‘lishdi.

Mahalla faollari va ayni vaqtda farzandlari ham Respublikamizning turli joylarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning ota-onalari va yaqinlari hamda mahalla yoshlari mehmonlarni ochiq yuz bilan kutib olishdi.

Uchrashuvda askarlar o‘zlarining xizmat faoliyatlari hamda ular uchun yaratilgan sharoitlar xususida to‘xtalib, erishayotgan yutuqlarini so‘zlab berishdi.

– Mening farzandim Gʻanisher Nasriddinov ayni vaqtda Toshkent harbiy okrugida, qo‘shnimizning farzandi Qarid Temirov esa Sharqiy harbiy okrugida muddatli harbiy xizmatni o‘tamoqda. Bugun farzandlarimizning tengdoshi bo‘lgan va ayni vaqtda Samarqandda xizmat burchini o‘tayotgan askarlarning mahallamizga kelganini ko‘rib, farzandimizni ko‘rgandek bo‘ldik, – deydi Zulayho Islomova.

Muddatli harbiy xizmatchilar tengdoshlarining onalarini bayram bilan qutlab, kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi va mahalla ahliga ko‘tarinkilik ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati