Ota-onalarga qulaylik, bolajonlarga bayram shukuhini ulashgan tadbirlar

0
1066

Toshkent harbiy okrugiga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismlarning birida yangi yil bayrami arafasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun bir qator foydali va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilindi.

Jumladan, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining bayram kayfiyatini ko‘tarish, yangi yil dasturxonini turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida harbiy qismda arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi.

Mazkur yarmarkada hududiy ta’minot korxonalari hamda dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan tibbiy sanitar-gigiyenik tekshiruvlardan o‘tgan qoramol go‘shti, tovuq go‘shti, tuxum, baliq, shuningdek, kartoshka, piyoz, shakar, asal, meva, dukkakli mahsulotlar, salqin ichimliklarni topishingiz mumkin.

Shu bilan birga, rahbariyat tashabbusi bilan mazkur harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun bayram tantanasi ham uyushtirildi.

Taniqli xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar harbiylarning rafiqalariga bayramona kayfiyat ulashgan bo‘lsa, qiziqarli viktorina o‘yinlari va qorbobo sovg‘alari bolajonlarni xursand qildi.

Leytenant Jahongir MADAMINOV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti