Yil so‘rovnomasida Mudofaa vazirligi Sport markazi e’tirof etildi

0
670

Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida “Uzbekistan Sport Awards-2021” milliy mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 ta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar taqdirlandi.

Muxlislar o‘rtasidagi so‘rov natijasiga ko‘ra “Yilning eng yaxshi sportchisi” sovrini boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolovga nastib qildi.

Respublika Komissiyasi xulosasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” O‘zbekiston Milliy kubogi g‘olibi sifatida og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va Jahon chempionati g‘olibi Akbar Jo‘rayev e’tirof etildi.

“Uzbekistan sport awards-2021” milliy mukofotining “Yil kashfiyoti” sovrini – taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Ulug‘bek Rashitovga topshirildi.

Shuningdek, “Yilning eng yaxshi murabbiyi” Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Pavel Xan e’tirof etildi.

Bundan tashqari, “Yilning eng halol hakami” sifatida dzyudo bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi katta leytenant Ramziddin Saidov e’tirof etildi.

Eng quvonarlisi, “Yilning eng faol ommaviy sport targ‘ibotchisi” sifatida Mudofaa vazirligi Sport markazi e’tirof etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Uzbekistan sport awards-2021” milliy mukofotining barcha g‘oliblarni va ularni yaqinlarini, shuningdek, sport markazida faoliyat olib borayotgan barcha shaxsiy tarkibni ushbu natija bilan tabriklaydi va kirib kelayotgan 2022-yilda yanada yorqin g‘alabalar tilab qoladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti