Qo‘shinlar jangovar tayyorgarligi borasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

0
697

Bugun, 30-dekabr kuni Milliy matbuot markazida “Mudofaa vazirligi tizimida qo‘shinlar jangovar tayyorgarligi borasida olib borilayotgan islohotlar, tashkil etilayotgan ko‘rik-tanlovlarning harbiy xizmatchilar kasb mahoratini oshirishdagi ahamiyati” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Mudofaa vazirligining soha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul bosh boshqarmalari boshliqlari, tanlov g‘oliblari hamda Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xususan, matbuot anjumanida mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi polkovnik Bahrom Zulfiqorov, Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Rahmatullo Rahmonov hamda bosh boshqarmasi mas’ullari – katta inspektor podpolkovnik Sherzodbek Usmonov, inspektor podpolkovnik Boburjon Valiyev spiker sifatida ishtirok etib, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlariga mavzu yuzasidan olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar haqida tegishli ma’lumotlar berib o‘tishdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar tufayli milliy armiyamizning jangovar qudrati sezilarli darajada oshdi. Uning saflaridagi mardlarimiz bilim va malakada, mahoratda va salohiyatda hech kimdan kam emasliklarini xalqaro nufuzli harbiy musobaqalarda isbotlab kelmoqda.

Yana shuni qo‘shimcha qilishimiz mumkinki, qo‘shinlarda musobaqalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarligini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning jismoniy holatini yuksaltirish va bilimlarini oshirish, harbiy xizmatchilar jangovar vazifalarni bajarishda qat’iyat va irodasini kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan:

“Men g‘olib” shiori ostida kontrakt asosida harbiy xizmatchi serjantlar va muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi “Eng ilg‘or mutaxassis” musobaqasi;

Mudofaa vazirligi qo‘shilmalari jangovar vzvodlari o‘rtasidagi “Eng ilg‘or jangovar vzvod” musobaqasi;

kuch tuzilmalari o‘rtasidagi “O‘z kasbining ustasi” ko‘rik-tanlovi;

shu yildan Prezidentimizning qarorlari bilan joriy etilgan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari va bo‘linmalari o‘rtasidagi “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqalari ana shunday maqsadlar sirasiga kiradi.

Soha mutaxassislarining ma’lum qilishicha, yuqorida keltirib o‘tilgan musobaqalarni o‘tkazish tizimi o‘ziga xos ko‘rinishda tashkil etilgan bo‘lib, bunda musobaqalar bir necha bosqichlarni qamrab oladi. Harbiy xizmatchilar Respublika bosqichiga qadar harbiy qism bo‘linmalari o‘rtasida, harbiy okrug miqyosida g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun kurash olib boradi va ikkita bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgach, Mudofaa vazirligi miqyosida g‘oliblik uchun kurashadi.

Jumladan, “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqa g‘olibi bo‘lgan harbiy okrugga Amir Temur jangovar bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi. “Amir Temur jangovar bayrog‘i” yagona hisoblanib, ushbu bayroq kelgusi yillardagi musobaqa g‘olibini taqdirlash uchun ham qo‘llaniladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida hozirda bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarning, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan dala o‘quv maydonlarining moddiy o‘quv bazasi takomillashtirilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgani xususida ham spikerlar tomonidan alohida ma’lumotlar berildi. Jumladan, NATOga a’zo davlatlar armiyalari tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistondagi 6 ta poligonda 45 km majmuaviy yo‘laklar qurilgan. Mazkur komplekslarda razvedka, maxsus va desant bo‘linmalarini barcha shaxsiy tarkibi og‘ir jismoniy va psixologik bosimli murakkab sinovlardan o‘tkazilib kelinayotgani ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng anjumanga tashrif buyurgan jurnalist va blogerlar hamda vazirlik mas’ul ofitserlari o‘rtasida ochiq muloqot boshlandi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti