Faxriylarga Prezident sovg‘asi topshirildi

0
536

Shu kunlarda yurtimiz istirohat bog‘lari, ko‘chalari, xiyobonlari, odamlar bilan gavjum markaziy maydonlarda archa bezatilib, kirib kelayotgan 2022-yil bayram tantanalari keng nishonlanyapti. Bayram munosabati bilan bolajonlar, Bolalar uylari tarbiyalanuvchilari va urush faxriylariga Prezident sovg‘alari topshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ofiserlari, faxriylar, jamoatchilik vakillari bilan birgalikda poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonini yana bir marta bayram kayfiyatiga to‘ldirishdi.

Tadbir tashkilotchilari dastlab Fedor Fedin xonadonida mehmon bo‘ldilar. Otaxon 95 yoshni qarshilayotgan bo‘lishiga qaramay, hali yigitlardek tetik. Mehmonlarni mamnuniyat bilan ko‘chaga chiqib, kutib oldi. Haligacha hovlisidagi tok va daraxtlarni o‘zi parvarish qilishini, kelgusi yil yozda Moskvaga safarga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytganda ko‘pchilik otaxonning shashtiga tan berdi. 1944-yil urushga ketgan Fedor Fedin dastlab 2-Belorussiya fronti tarkibida fashist bosqinchilariga, keyin esa Uzoq Sharq fronti tarkibida Kvantun armiyasiga qarshi qonli janglarda qatnashib, 1951-yil Toshkentga qaytib kelgan. Har bir soniyada o‘lim sharpasi soya solib turadigan urush so‘qmog‘idan omon qaytgan Fedor Fedin mana shunday kunlarga yetib kelganiga shukrona bildirib, barcha yurtdoshlarimizga, jumladan harbiy xizmatchilarimizga bayram tilaklarini izhor etdi.

– Shunday ajoyib kunda shaxsan davlatimiz rahbarining sovg‘alarini olganimdan cheksiz quvondim. Baraka topkur harbiy yigitlar har bir bayramda meni eslab turishadi. Fursatdan foydalanib, ularni, qolaversa barcha vatandoshlarimizni men ham kirib kelayotgan yangi yil bilan chin dildan muborakbod etaman. Yurtni seving, uni hamisha ardoqlang, unga sadoqat bilan xizmat qiling. Ana shundagina har bir kunimiz bayram, shodu-xurramlik bilan o‘tadi. Barcha-barchaga 2022-yil baxt va omad keltirsin…

96 yoshli iste’fodagi gvardiyachi podpolkovnik Pavel Materikov ham Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i tomonidan Prezident yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirilganda, chehrasida bolalarnikidek beg‘ubor tabassum jilvalandi. Birin-ketin sovg‘alarni qabul qilib olar ekan, ayni yigitlik chog‘ida bosib o‘tgan olovli yo‘llar haqidagi hikoyasi bilan o‘rtoqlashdi.

– 1943-yilning 1 iyun sanasida Bryansk fronti tarkibidagi 77-gvardiyachi o‘qchi diviziyaning 108-gvardiyachi alohida aloqa batalonida urushga kirganimda hali 18 yoshga to‘lmagandim. Urushni diviziyamiz bilan 1-Belorussiya fronti tarkibida Berlinni ishg‘ol etib yakunladik. Oder daryosini kechib o‘tishdagi xizmatlarim uchun «Qizil yulduz» ordeni bilan mukofotlandim. Shuningdek, «II darajali Vatan urushi» ordeni hamda «Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun», «Jangovar xizmatlari uchun», «Mardligi uchun» va «Berlinni ishg‘ol etish uchun» medallari bilan taqdirlandim…

Harbiy xizmatchilar har ikki urush faxriysiga davlatimiz rahbarining yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va ularga mustaqillikning 30 yilligi ko‘krak nishoni, dori-darmon sotib olish imkoniyatini beruvchi 1 000 000 so‘mlik sertifikat va esdalik sovg‘alarni topshirdilar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning yangi yil sovg‘alari yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadoniga ana shu tarzda kirib bormoqda.

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti