O‘quvchini esse yozishga undagan tadbir

0
704

Mudofaa vazirligiga qarashli Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida joylashgan harbiy qismda navbatdagi harbiy-vatanparvarlik aksiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda tuman hokimligi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligining hududiy bo‘limi mas’ullari hamda tumandagi 1-, 26-, 30-, 34-, 69-, 70-, 87-umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchi yoshlari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida so‘nggi yillarda olib borilayotgan ulkan islohotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi va milliy armiyamiz – yoshlar uchun jasorat, matonat va haqiqiy qahramonlik maktabiga aylanib ulgurganligi alohida e’tirof etildi.

Harbiy qismda tashkil etilgan shart-sharoitlar, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy tehnikalar ko‘rigi, buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari va siymosi aks ettirilgan tematik sinflar ertamiz egalarining qalbida iliq taassurot qoldirdi.

– Ayni kunlarda o‘tkazilayotgan vatanparvarlik tadbirlari biz, yoshlarga qiziqarli ma’lumotlar ulashmoqda, – deydi 87-maktab o‘quvchisi Marjona Berdiqulova. – Bu yerda ko‘rganlarim haqida uyga borib esse yozishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Respublikamiz bo‘ylab bayramona ruhda tashkil etilayotgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakatlar barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va mahalla, yoshlar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari va keng jamoatchilik vakillarini qamrab olmoqda.

Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti