Qoʻmondon Xivadagi ijod maktabi yoshlari bilan uchrashdi

0
729

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bayramini xalqimiz bilan keng nishonlash maqsadida joriy etilgan vatanparvarlik oyligi doirasida joylarda harbiy xizmatchilarning aholi va yoshlar bilan uchrashuvlari boʻlib oʻtmoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi Xiva shahrida joylashgan Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi Ogahiy nomidagi ijod maktabida boʻlib oʻtdi. Iqtidorli yoshlar maktabining bu safargi mehmoni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov hamda Qurolli Kuchlar faxriylari boʻldi.
Taʼkidlash joizki, 2019-yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210-yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish toʻgʻrisida” qabul qilingan qaroriga asosan Xivada Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi.
Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy XIX asr Xorazm adabiy muhitining yirik siymolaridan biri boʻlib, Navoiydan keyin eng “koʻp va xoʻb” sheʼr aytgan shoirlardan hisoblanadi. Ogahiy 1809-yil 17-dekabrda Xiva atrofidagi Qiyot qishlogʻi (hozirgi Ogahiy nomli jamoa xoʻjaligi)da dunyoga kelgan. Shoirdan bizga boy ijodiy meros qoldi.
“Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvi avvalida mehmonlar oʻzbek yozuvchisi, tarixshunoc va tarjimon Ogahiy xotirasiga maktab hovlisida oʻrnatilgan byusti poyiga gulchambar qoʻyib, unga hurmat bajo keltirildi.

Mehmonlar isteʼdodli oʻquvchilar tomonidan shoir va yetuk tarixnavis Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan sheʼriy chiqishlari bilan qarshi olindi. Uchrashuv davomida qoʻmondon yuksak natija va muvaffqaqiyatning siri tafakkurda ekanini taʼkidlab, yoshlarni taʼlim olishga, kitoblarni mutolaa qilishga, ijodni, buyuk tariximizni sevib oʻrganishga chaqirdi. Ularga pandu-nasihatlar berib, ulkan marralar sari ruhlantirdi.
Shuningdek, uchrashuvda yoshlar harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga belgilangan imtiyozlar, muddatli harbiy xizmatni oʻtash va kontrakt boʻyicha harbiy xizmatni davom ettirish, mamlakatimiz mudofaa qurilishi sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar haqida batafsil maʼlumot olishdi.
Tadbir davomida faol ishtirok etgan yoshlar qoʻmondonlikning faxriy yorligʻi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Uchrashuvning badiiy qismida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri hamda Xiva tumani madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari tomonidan vatanparvarlik va insoniylikni tarannum etgan dilrabo kuy va qoʻshiqlar barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi. Faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan qurol bilan koʻrgazmali saf elementlari yoshlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati