Harbiy qismda tashkil etilgan ochiq eshiklar kuniga askarlarning ota-onalari ham taklif qilindi

0
625

Yurtimizda vatanparvarlik oyligi ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Shu munosabat bilan yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida o‘quvchi yoshlar uchun Buxoro garnizonidagi harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.

Bayram shukuhini o‘zida mujassam etgan “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida o‘tkazilayotgan ochiq eshiklar kunidan ko‘zlangan maqsad, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kamol toptirish, ularning qalbida milliy ruhni yanada yuksaltirish, ona Vatan taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iboratdir.

Tadbir doirasida «Posboniman muqaddas yurtning» mavzusida insholar tanlovi, she’rxonlik kechasi va «Zakovat» bilimlar bellashuvlari o‘tkazildi. Unda Buxoro viloyatida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining zukko o‘quvchi yoshlari va muddatli harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashdilar. Gʻolib yoshlar tadbir so‘ngida esdalik sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Bayram kayfiyati doirasida «Askar onalarini sharaflaymiz» mavzusida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan askarlarning ota-onasi harbiy qismga taklif etilib, o‘z o‘g‘li bilan diydor ko‘rishdi. Shuningdek, ota-onalar harbiy qism shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar. O‘z farzandini harbiy libosda ko‘rgan ota-onalarning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

Mehmonlarni xushnud etish maqsadida bayram dasturi ham tashkil etildi. Ya’ni faxriy qorovulning ko‘rgazmali va harbiylarning qo‘l jangi chiqishlari hamda harbiy orkestr ijrosida vatanni madh etuvchi kuylar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati